Yangiliklar
Aksiyadorlar soni ko‘p bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarida kvorum muammosini hal etish mexanizmi ishlab chiqildi
AKSIYADORLARI SONI KO‘P BO‘LGAN AKSIYADORLIK JAMIYATLARIDA KVORUM MUAMMOSINI HAL ETISH MEXANIZMI ISHLAB CHIQILDI
Tadqiqotlar markazi tomonidan “O‘zbekistonda aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi kvorumini aniqlash mexanizmini takomillashtirish” mavzusidagi tahliliy ma’ruza tayyorlandi. Mazkur hujjatda aksiyadorlari soni ko‘p bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarida kvorum mavjud bo‘lmasligi bilan bog‘liq muammolarni hal etish hamda korporativ boshqaruv sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan.
Ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish maqsadida aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi kvorumini aniqlash hamda faol bo‘lmagan (“uyqudagi”) aksiyadorlarning korporativ boshqaruvdagi ishtirokini tartibga solish bo‘yicha xalqaro tajriba har tomonlama o‘rganildi. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Polsha, Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya va Qozog‘istonda qo‘llanilayotgan yondashuvlar tahlil qilindi.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, amaldagi kvorum talablari ayrim hollarda muhim korporativ qarorlarni qabul qilishda amaliy qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Ayniqsa, aksiyadorlar soni ko‘p bo‘lgan va ularning sezilarli qismi jamiyat boshqaruvida amalda ishtirok etmaydigan aksiyadorlik jamiyatlarida bu muammo dolzarb hisoblanadi.
O‘tkazilgan tahlil natijasida kvorum muammosini hal etish mexanizmi ishlab chiqildi. Taklif etilayotgan mexanizm aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha barcha kafolatlarni saqlab qolgan holda, umumiy yig‘ilish qayta chaqirilgan taqdirda kvorum talablarini bosqichma-bosqich kamaytirishga asoslangan. Mazkur yondashuv aksiyadorlar huquqlarini ta’minlash hamda jamiyat faoliyatiga oid qarorlarni o‘z vaqtida qabul qilish zarurati o‘rtasida muvozanatni ta’minlashga qaratilgan.
Tahliliy ma’ruzada, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga kvorumni aniqlash va aksiyadorlar umumiy yig‘ilishini o‘tkazish tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar ham ishlab chiqilgan.
Bunday o‘zgartirishlarga ehtiyoj amaliyotda tez-tez uchraydigan, kvorum mavjud emasligi sababli zarur qarorlarni qabul qilishning imkoni bo‘lmayotgan holatlar bilan izohlanadi. Bu esa korporativ boshqaruv samaradorligi va aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Tahliliy ma’ruza Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasiga taqdim etish uchun tayyorlangan bo‘lib, mazkur qo‘mita bilan Tadqiqotlar markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolangan.
