Xonimlar va janoblar!
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida chuqur ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bu davlat mulkini monopoliyadan chiqarish, iqtisodiyotni boshqarishning ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan iqtisodiy usullar orqali boshqarish tizimiga o‘tish, tovar-pul munosabatlarini faol rivojlantirishni ta’minladi. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish O‘zbekistonda ko‘p ukladli iqtisodiyotni shakllantirish, mulkdorlar sinfining paydo bo‘lishi hamda bozor munosabatlarini qaror toptirish uchun asos yaratdi. Mustaqillik yillarida mamlakatda “yangi bozorlar” — qimmatli qog‘ozlar va ko‘chmas mulk bozorlari, tovarlar, baholash, ko‘chmas mulk, moliyaviy va boshqa xizmatlar bozorlarini yaratish yo‘lida jiddiy va muhim qadamlar qo‘yildi. Har qanday iqtisodiy tizimning samarali rivojlanishida muhim omil bo‘lgan, davlat tomonidan tartibga solinadigan iqtisodiyot rivojini ta’minlovchi sog‘lom raqobat uchun sharoitlar yaratildi.
Ushbu jarayonlarni bevosita amalga oshirishni ta’minlaydigan asosiy davlat institutlaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bo‘lib, u mamlakatda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni bajaradi. Agentlik nafaqat xususiylashtirishni amalga oshiradi, davlat mulkini boshqaradi, qimmatli qog‘ozlar va ko‘chmas mulk bozorlarini shakllantiradi, korporativ boshqaruvni joriy etadi, balki ushbu jarayonlar bilan bog‘liq konseptual, metodologik qoidalar hamda huquqiy hujjatlarni ham ishlab chiqadi. Bu borada Agentlik tuzilmasiga kiruvchi Xususiylashtirish, raqobatni rivojlantirish va korporativ boshqaruv muammolarini tadqiq etish markazi muhim amaliy yordam ko‘rsatadi.
Amaldagi tajribani tahlil qilish asosida Markaz xususiylashtirish, davlat mulkini boshqarish, korporativ boshqaruv hamda qimmatli qog‘ozlar bozori mexanizmlaridagi kamchiliklar va muammolarni aniqlaydi. Xorijiy mamlakatlarning ijobiy tajribasidan foydalangan holda, iqtisodiy mexanizmning faoliyat yuritish tizimini takomillashtirishga qaratilgan takliflar, tavsiyalar, konsepsiyalar loyihalari, qonunchilik hujjatlari va metodologik qoidalarni ishlab chiqadi.
Biz milliy iqtisodiyotni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan barcha shaxslarni hamkorlikka chorlaymiz. Bozor munosabatlarini takomillashtirish, mamlakat rivoji uchun hali to‘liq foydalanilmagan salohiyatdan yanada samarali foydalanish hamda O‘zbekiston xalqining moddiy farovonligini oshirish bo‘yicha g‘oya va asosli takliflarga ega bo‘lgan davlat organlari rahbarlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, tadbirkorlar va barcha manfaatdor shaxslarni birgalikda ishlashga taklif etamiz!
Tadqiqotlar markaziga xush kelibsiz!
Markaz direktori
Professor, doktor Igor Butikov